Laboratoriya va amaliy mashg‘ulotlar bo‘yicha videoqo‘llanmalar tayyorlashda quyidagilarga e’tibor berish maqsadga muvofiq:
1. Darsning mazmuni va ilmiy aniqligi
Dars mazmuni davlat ta’lim standartlari va tanlangan mavzuga mos bo‘lishi kerak.
Berilayotgan ma’lumotlar aniq, ilmiy jihatdan ishonchli va faktlarga asoslangan, xatoliklarga yo‘l qo‘yilmagan bo‘lishi, shuningdek, darsliklar va Cambridge xalqaro ta’lim dasturlaridan foydalanilgan manbalarga tayangan bo‘lishi lozim.
Tajriba yoki hodisani tushuntirishda adabiy tildan, sodda, aniq va ravon ifodalardan foydalanish lozim.
Amaliy tajribalar imkon qadar qisqa va aniq bo‘lishi, bir vaqtning o‘zida tajriba bilan birga nazariyani tushuntira olish muhimdir.
Misollar, raqamlar, o‘lchov birliklari to‘g‘ri ko‘rsatilgan bo‘lishi shart.
2. Darsning didaktik tuzilishi
Videoqo‘llanma quyidagi mantiqiy tuzilma asosida yaratilishi lozim:
I. Kirish qismi – mavzu nomi, maqsad, muammo qo‘yilishi, foydalaniladigan manbalar, tajriba o‘tkazishda kerak bo‘ladigan jihozlar, qurilmalar va moddalarni ko‘rsatgan holda aniq ma’lumotlar bilan boshlash (1 – 1,5 daqiqa).
II. Asosiy qism – tajriba o‘tkazish, tushuntirish, tahlil, kerakli joyida elektron doskaga formulalarni yozish, ekranga rasm va taqdimotlarni chiqarish orqali ma’lumot berish (8 – 12 daqiqa).
III. Xulosa va yakuniy qism – natijani ko‘rsatish, muhim xulosalarni umumlashtirish va savollarni yozib qoldirish, shuningdek, uy sharoitida shu va shunga o‘xshagan mustaqil tajribani amalga oshirish uchun qisqa tavsiya berib o‘tish (1 – 1,5 daqiqa).
3. Vaqt reglamenti
Tinglovchining diqqatini ushlab turish uchun videoqo‘llanma o‘rtacha 10-15 daqiqa atrofida bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Bunda, darsning murakkabligidan kelib chiqib ko‘p vaqt talab qiladigan tajribalarning asosiy qismlari va natijalarini ko‘rsatish kifoya, vaqt reglamantiga rioya qilish maqsadida jarayonning borishi videodan kesib tashlanishi mumkin.
Tajriba o‘tkazish ko‘p vaqt talab qilmaydigan mavzularda videoqo‘llanma davomiyligi 10 daqiqadan kam bo‘lishi mumkin.
4. Taqdimot uslubi
O‘qituvchi tajriba jarayonida laboratoriya xalati va gigiyenik vositalardan foydalanishi lozim, shuningdek, etika va estetika qoidalariga rioya etishi shart.
O‘qituvchi nutqi ravon, ifodali bo‘lishi kerak. Dars davomida faqat adabiy tilda gapirishi lozim (shevada gapirmaslik, shuningdek, xorijiy so‘zlar ishlatilsa uning aynan fan doirasidagi atamasi, adabiy tildagi muqobili aytib o‘tilishi yoki ekranda yozib o‘tilishi shart).
O‘qituvchi kamera bilan aloqa o‘rnatishi, ya’ni “tomoshabinga qarab gapirishi” lozim.
Harakatlar tabiiy, yuz ifodasi samimiy bo‘lishi kerak.
Kamida ikkita kameradan foydalanib, turli rakurslarda darsni yozib olish kerak. Videolarni montaj qilganda har bir rakursdan kerakli kadrlarni olib birlashtirish muhim. Kameralarning biri umumiy kadrda to‘liq jarayonni yozib olsa, ikkinchisi orqali aynan laboratoriya (tajriba) jarayoni va unda foydalanilayotgan materiallar, shuningdek, alohida urg‘u beriladigan vaziyatlar, formula, taqdimot va tushuntirishlar aniq ko‘rinadigan shaklda videoga olinadi.
Agar videoqo‘llanmalar videodars yoziladigan studiya yoki “Jalinga” dars yozish studiyasidan foydalanib tayyorlansa, o‘qituvchi stoli aniq ko‘rinishi, tajribalar tushunarli chiqishi muhim.
5. Vizual elementlar
Ekranda matn, formulalar yoki grafiklar ko‘rsatilganda – aniq, o‘qilishi oson shriftlardan foydalanish kerak. Agar markerlar orqali doskaga yozib tushuntirilsa, yozuvlar tushunarli va aniq bo‘lishiga e’tibor qaratilishi shart.
Videoqo‘llanma chizma, faktlar, rasmlar, formulalar, nazariy tushuntirishlar, animatsiyalar va virtual platformalar yordami bilan boyitilishi tavsiya etiladi.
Laboratoriyada foydalaniladigan jihozlar, elementlar nomi va boshqa ma’lumotlar videodarsda ekranga chiqarilishi kerak yoki bevosita o‘qituvchi tomonidan tushuntirib o‘tilishi ham mumkin.
6. Texnik sifat
Video formati HD (1080p) yoki undan yuqori bo‘lishi lozim (4K formatda videoga olish tavsiya etiladi).
Videoqo‘llanma sifatli kamera qurilmalari yordamida yozib olinishi lozim.
Videoqo‘llanma yozib olinayotgan xona tabiiy yorug‘lik yoki yoritgichlar yordamida bir tekis yoritilgan bo‘lishi kerak. Videoga olinayotgan joyga soya tushib qolmasligi kerak.
Ovoz yozishda sifatli ovoz kuchaytirgich (mikrofon)dan foydalanish lozim.
Videoda turli shovqinlar va begona ovozlar bo‘lmasligi lozim.
Kadrlar stabil, tebranishsiz bo‘lishi shart.
Kameralar siljimasligi, yorug‘lik to‘g‘ri tushayotganligiga ishonch hosil qilish kerak.
Ortiqcha to‘xtalishlar, xatoliklar, takroriy so‘zlar kesib tashlanishi lozim.
Videoning ovossiz joylarida tomoshabinni zeriktirmaslik uchun mos musiqa bilan yozish tavsiya etiladi.
Videoda sarlavha, subtitr va yangi qurilmadan foydalanilayotganda qisqacha tasnifi va Agentlik logotipidan foydalanish lozim.
7. Interaktivlik
Tinglovchini qiziqtirish uchun videoqo‘llanmada yangi metodlar va texnologiyalardan foydalanish lozim.
Videoqo‘llanmani yozish davomida tinglovchiga savol berish, fikrlashga undovchi qismlar, muammoli keyslar kiritish lozim.
Muhim qismlarda subtitrlardan foydalanish kerak.
Video yakunida qisqa “siz nima deb o‘ylaysiz?”, “javobni quyidagi havola orqali yozing”, “javobni izohlarda yozib qoldiring” kabi qismlar qo‘shish tavsiya etiladi. Chunki bu orqali kuzatuvchilarning mavzuni qay darajada tushunganligi yoki videodarsdagi kamchiliklarni aniqlash mumkin.